Breaking News

XAMAS Isroilning sulh bo’yicha shartlarini qabul qilmadi


G’azoda Ramazon hayiti arafasida Isroilning Nuseyrat qochqinlar lageriga aviahujumida kamida 14 ta odam o’lgan, yaradorlar bor. G’azoning Dayral-Balah, Rafah shaharlari ham hujumga uchragan.

Xalqaro hayot - 10-aprel, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:58 0:00

XAMAS Isroilning sulh haqidagi taklifi unga to’g’ri kelmaganini bildirarkan, uni yaxshiroq o’rganib chiqib, javobini Qatar va misrlik vositachilarga yetkazishini ma’lum qildi.

Oq uy Isroil sulhga tayyor ekanini, biroq XAMAS uning shartlariga ko’nmayotganini, garovdagi odamlarni ozod etishdan bosh tortayotganini bildirdi.

“Agar XAMAS bu odamlarni ozod etsa, sulh shu bugunoq amal qila boshlashi va yana bir necha haftaga uzaytirilishi mumkin. Dunyo XAMASga “garovdagilarni ozod etish vaqti keldi, sulhga erishish kerak” deb aytishi zarur. Biz tayyormiz bunga. Isroil ham tayyor deb o’ylayman”, - dedi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.

Garovdagi ayrim isroilliklarning oila a’zolari seshanba kuni Oq uy rasmiylari bilan ko’rishdi.

Isroil XAMASni yo’q qilish uchun Rafahga qo’shin kiritishga hozirlanarkan, tinch aholini shahardan evakuatsiya qilish uchun 40 ming dona chodir sotib olishga tayyor ekanini bildirdi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Rafahdagi amaliyot sanasi belgilanganini aytadi.

"XAMAS batalyonlarini yo’q qilamiz, jumladan Rafahdagilarini. Dunyoda bizni bu rejadan qaytaradigan kuch yo’q. Bizni to’xtatishga harakat qilayotgan ayrim omillar bor, ammo bundan foyda bo’lmaydi”, - dedi u.

Tahlilchilar mojaroga yakun yasash uchun AQSh diplomatik harakatlarini kuchaytirishi kerakligini aytarkan, XAMAS mintaqada chuqur ildiz otganini, Eron bilan aloqasi kuchli ekanini ta’kidlashadi.

“XAMAS mintaqada juda mashhur. Bu tashvishlanarli holat, radikallashishning AQSh va ittifoqchilarini xavotirga soluvchi bir ko’rinishi”, - deydi Vashingtondagi Uilson markazi eksperti Merissa Xurma.

Ayrim tahlilchilar mojaro jug’rofiyasi kengayishi ehtimolidan xavotirda.

“Mojaro mintaqaviy urushga aylanib ketishi mumkin. Eronni deb, Hizbullohni deb. G’azodan shimolga tarqalishi mumkin. Ammo shundan keyin urush tinishi va ayrim muammolar hal bo’lishi mumkin. Juda muhim kunlarni boshdan kechiryapmiz”, - deydi Isroil harbiy razvedkasining sobiq direktori Amos Yadiin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilni G’azoda gumanitar inqirozni kuchaytirganlikda ayblamoqda. Tashkilotning inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Volker Turk Isroil ochlikni G’azoda qurol sifatida qo’llayotganiga ishonchli dalillar borligini aytadi.

“Qamal orqali odamlarni kollektiv ravishda jazolash urush jinoyatiga kiradi”, - deydi u.

Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyerning aytishicha, ikki haftadan so’ng Isroil va AQSh rasmiylari Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasini muhokama qilishi kutilmoqda. Vashington bunga keskin e’tiroz bildirib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG