Breaking News

G’azoda sulh o’rnatishga qaratilgan harakatlar


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Riyodda beshta arab mamlakati tashqi ishlar vazirlari bilan G'azodagi vaziyatni muhokama qilmoqda
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Riyodda beshta arab mamlakati tashqi ishlar vazirlari bilan G'azodagi vaziyatni muhokama qilmoqda

XAMAS Isroil taklif etgan G’azoga doir sulh rejasi bilan tanishayotganini bildirdi. Misrdan Isroilga borgan delegatsiya keti ko’rinmayotgan mojaroga chek qo’yish yo’llarini muhokama qilgan.

Xalqaro hayot - 29-aprel, 2024-yil - G’azoda sulhga harakat, Ukrainaga qurol, Bayden hazillari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:22 0:00

AQShning The Wall Street Journal gazetasi xabariga ko’ra, gap uch haftalik sulh haqida ketmoqda, Misr Isroildan Rafahda amaliyot boshlamaslikni so’ragan.

Mojaroning cho’zilayotganidan hamda XAMAS garovidagi odamlarning ozod etilmayotganidan norozi yuzlab isroillik dam olish kunlari Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni iste’foga chaqirdi, erta saylov o’tkazishni talab qildi.

“Saylov 1 yoki 2 yildan keyin emas, imkon qadar tez o’tkazilsin. Garovdagilarning barchasi qaytarilsin, chunki hukumat ularning qaytishini xohlamayapti”, - deydi namoyishchilardan biri.

Netanyaxu XAMASga siyosiy va harbiy bosim kuchaytiriladi deyishiga qaramay, harakat yahudiy mahbuslarni qo’yib yuborishni hayoliga ham keltirmayapti.

XAMASning Isroilga hujumi ketidan boshlangan harbiy amaliyot natijasida G’azoda 34 mingdan ziyod falastinlik nobud bo’lgan.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos sulh bo’yicha kelishuvni tezlatishga, sektorga gumanitar yordamni oshirishga chaqirdi.

“G’azolik falastinliklarning ahvoli og’ir”, - dedi u.

Abbos vatandoshlarining G’azodan yoki G’arbiy Sohildan Falastin hududlaridan tashqariga ko’chirilishiga qarshi ekanini aytdi.

Rafahga qo’shin tortish rejasidan qaytmayotgan Isroil dam olish kunlari shaharni havodan nishonga olib, kamida olti odam, jumladan to’rt bolani o’ldirgan.

Bugungi hujumlarda esa uchta uy vayron bo’lib, kamida 22 ta odam, jumladan olti ayol va besh bola o’lgan.

Ko’rfaz hamkorlik kengashiga a’zo arab davlatlari bugun AQSh delegatsiyasi bilan uchrashuv chog’ida G’azoda zudlik bilan doimiy sulh o’rnatishga chaqirdi. Majlisda Saudiya Arabistoniga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken qatnashgan. U AQSh ham sulh tarafdori ekanini aytdi.

Blinken Riyodda qirollik Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon al-Saud hamda Qatar, Misr, Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklari vazirlari bilan ko’rishib, mojarodan keyingi G’azoni boshqarish, sektorni qayta qurish haqida fikr almashgan.

"Shuni aniq aytib kelamizki, agar fuqarolar xavfsizligini kafolatlovchi, ularga zarar yetkazmaydigan reja bo’lmasa, Rafahda yirik harbiy amaliyot boshlanishiga qarshimiz. Hozircha bunday rejani ko’rganimiz yo’q”, - dedi Amerika davlat kotibi.

Xabarlarga ko’ra, Blinken mintaqaga safari doirasida bu gal Isroilga bormaydi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbining aytishicha, Isroil Rafahga qo’shin kiritishdan oldin AQSh xavotirlari va fikrlariga quloq solishga rozilik bergan.

Urushgacha 275 ming odam yashagan Rafahda hozir salkam 1,4 million falastinlik jon saqlamoqda. Aksariyati Isroil hujumlaridan qochgan.

AQSh Isroilga harbiy yordam yuborishda davom etarkan, Amerika kollejlari va universitetlarida Falastinga xayrixoh namoyishlar davom etmoqda. Talabalar Oq ydan Isroilga yordamni to’xtatishni talab qilmoqda.

Politsiya yuzlab nafarini hibsga olgan, ba’zilari o’qishdan haydalgan.

Shunga qaramasdan talabalar chekinmoqchi emas. Kaliforniya universitetida namoyishchilar o’rnatgan chodirli lager bir necha kunda kengaygan.

Isroil tarafdorlari ham namoyish qilmoqda. Taraflar o’rtasida zo’ravon to’qnashuv kuzatilgani yo’q, biroq og’zaki aytishuvlar qayd etilgan.

Amerikalik talabalarning befarq qolmaganidan xabar topgan g’azoliklar chodirlarida ularga minnatdorchilik bildirilgan nomalar yozmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG