Breaking News

Prilepin so'zlari ketidan Mirziyoyev "bosim" haqida gapirdi


Toshkent va Moskva rus siyosatchisi Zaxar Prilepinning O'zbekistonni "qo'shib olish kerak" degan chaqirig'iga munosabat bildirar ekan, urg'uni uzoq yillik strategik sheriklik va tarixiy rishtalarga berdi
Toshkent va Moskva rus siyosatchisi Zaxar Prilepinning O'zbekistonni "qo'shib olish kerak" degan chaqirig'iga munosabat bildirar ekan, urg'uni uzoq yillik strategik sheriklik va tarixiy rishtalarga berdi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining 21-dekabrdagi bayonotida Moskva Toshkent bilan strategik hamkorlikni qadrlashi, azaliy do'stona aloqalarni asrab-avaylashga bel bog'lagani qayd etiladi.

Bayonot bu hafta rus siyosatchisi Zaxar Prilepinning O'zbekistonni Rossiyaga qo'shib olish kerak deya undagani bilan bog'liq.

Bu fikrlar mediada chiqishi bilanoq O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginovni suhbatga taklif qilib, Prilepinning so'zlaridan chuqur xavotirda ekanini bildirgan.

Mirziyoyev ma'muriyati ham urg'uni uzoq yillik strategik sheriklik va tarixiy rishtalarga bergan.

Elchi Malginov va uning vazirligiga ko'ra, Prilepinning so'zlari - uning "shaxsiy fikri" va biror jihatdan Moskvaning rasmiy munosabatini aks ettirmaydi.

O'zbekiston-Rossiya aloqalari mustahkam, deya tasvirlanadi Moskva bayonotida. Ikki davlat rahbarlari yaqin muloqotda va Kreml O'zbekiston Rossiya bilan qator xalqaro organlarda yonma-yon ekanidan minnatdor.

"Kengroq qarasak, Rossiya va Markaziy Osiyoni umumiy tarix, qalin insoniy va madaniy rishtalar bog'lab turadi, savdo-iqtisodiy va bevosita oldi-berdi yo'lga qo'yilgan".

Prilepin O'zbekiston haqidagi fikrini migrantlar masalasi muhokama qilinayotganda aytgan. Markaziy Osiyodan ish izlab keladiganlar bilan bog'liq muammolarni Rossiya, uningcha, O'zbekistonni o'ziniki qilib olish bilan yechishi mumkin.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra esa migrantlar har ikki tomon uchun foyda keltiradigan kuchdir. Bu yo'nalishdagi hamkorlik, Moskvaning ta'kidlashicha, yaqin kelajakda takomillashadi, chunki tomonlar mehnat migratsiyasini tashkillashtirish, normativlar va boshqa zarur chora-tadbirlar ustida ishlamoqda.

O'zbekiston rahbariyati uning tashqi siyosati ko'p-yo'nalishli ekani, g'arbu-sharq bilan samarali, mushtarak manfaatlarga asoslangan hamkorlik yo'lidan ketayotganini ta'kidlab keladi.

22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ma'naviy va ma'rifat borasida Toshkentda yig'ilish o'tkazar ekan, jumladan shunday dedi:

“Ilgari o'z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o'tkazish, qarama-qarshilik va to'qnashuvlar yo'liga o'tganiga hammamiz guvohmiz.

Afsuski, bunday keng ko'lamli va o'ta ziddiyatli jarayonlarning ta'siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti.

Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo'lmayapti.

Biz dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG