Breaking News

Amerika O'zbekiston ahliga qanchalik ochiq?


AQShning Toshkentdagi Bosh konsuli Rob Romanovski "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, O'zbekiston
AQShning Toshkentdagi Bosh konsuli Rob Romanovski "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, O'zbekiston

AQShning O'zbekistondagi Bosh konsuli Rob Romanovski bilan suhbatdamiz: Viza kimga nima uchun nasib etadi? Immigratsion va no-immigratsion viza olish nega bu qadar mashaqqatli? "Mashaqqatli emas, aslida jarayon oddiy va aniq", - deydi konsul.

Romavonski bilan Toshkentdagi vakolatxonada qilgan muloqotimiz to'liq holda

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz uchun vaqt topganingizdan minnatdormiz. Konsullik oldi ertalabdan gavjum edi, uzun navbat. Odamlarning yuzida hayajon, xavotir. Sizdan olingan javobdan kelib chiqib, kimdir xursand, kimdir ranjigan. Tezgina chiqdim, konsullik qat'iy ekan, deyishdi menga ayrimlar.

Siz bu vazifada har kuni O'zbekiston xalqi bilan muloqotdasiz, uning ruhiyati bilan ishlaysiz. Ular sizga orzu-havaslari, shaxsiy dard va rejalarini ochadi. Viza bering, madad ko'rsating, deydi. Hissiyotlar yuqori. Bunday muhitga o'zingizni qanday tayyorlaysiz? Konsullik sifatida qanday yondashasiz odamlar bilan yaqindan ishlashga?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Katta rahmat, Navbahor. Savolingiz judayam o'rinli. Professionalizm va hurmat bilan yondashamiz. Biz masalaga hissiyot bilan qaramaymiz, unday ishlamaymiz. Viza berish uchun asos yetarli bo'lsa, beramiz; bo'lmasa, bermaymiz. Viza berish aslida tub maqsadlarimizdan biri.

Viza ololmaslik odamlarni xafa qilishini bilamiz, lekin uni berish uchun yetarlicha ma'lumot ololmasak, ishonch hosil qilmasak, rad etamiz. Immigratsion vizalar yanayam murakkab.

AQShga immigratsiya qilishga bel bog'lagan odam biz bilan suhbatgacha yeta olmasa, jarayon u ko'zlagandek yurishmasa, bu unga qattiq ta'sir qiladi, tushunamiz. Turistik viza olish yoki olmaslik yengilroq masala. Vaqti va pulini boy bergan odam g'azablanishi, ruhan ezilishi tabiiy. Buni tushunamiz. Biroq biz ham o'z ishimizni qilayapmiz.

Umuman olganda, odamlar ham bizga hurmat bilan muomala qiladi. Qo'pollik juda kam kuzatiladi.

Aytganingizdek, kutib turganlar talay. Odamlar qanchalik tayyorlanib kelsa, ish shu qadar tez kechadi. Suhbatlar odatda qisqa. Xodimlarimiz puxta tayyorlangan. Masalama-masala, har bir holatni ko'rib chiqishga shaymiz.

Viza ololsangiz, protsess ijobiy yakunlanib, quvonib chiqib ketasiz. Biroq biz hamma bilan sidqidildan ishlaymiz va viza murojaatini obdan o'rganamiz. Nimaiki javob bersa, asosli.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Talab oshib bormoqda. Oldingi suhbatimizda aytgan edingiz, viza uchun murojaatlar pandemiya sabab haddan tashqari yig'ilib ketdi, ularni vaqtida ko'rib chiqa olmadik, deb. Xodimlaringiz oz edi. Hozir ham ular kam. Ko'paytirilmadi, to'g'rimi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Yo'q, o'sha-o'sha.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Odamlar bundan norozi. Chunki konsullik kichikligi uchun suhbat belgilash qiyin. Uzoq vaqt talab qiladi va vizaga murojaat o'z vaqtida ko'rib chiqilmaydi. Minglab odamlar kelayotgan ekan, nega idorangiz kengaymaydi? Ko'lam oshmaydi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Buning ortida omillar ko'p. O'zbekistondagi konsullik o'z ishini eplayapti. Siz bilan o'tgan safargi suhbatimizdan beri qator o'zgarishlar qildik.

Konsullik uch vazifani bajaradi: immigratsion vizalar beramiz. No-immigratsion vizalar beramiz. Shuningdek, o'z fuqarolarimizga xizmat ko'rsatamiz.

2022-yilda rekord miqdorda immigratsion viza berdik. 20 foiz oshiq murojaat ko'rib chiqildi. 2021-yilga qaraganda olti karra ko'proq odamni qabul qildik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Umumiy soni qancha?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: 6000 dan ziyod. Bu faqat Amerikada doimiy yashash va ishlash uchun berilgan viza. O'z fuqarolarimizga berilgan hujjatlar soni ham bir necha marotaba oshdi, ya'ni bu boradagi talabni ham qondirdik. Men xodimlarimga ishonaman, ularga tayanaman. Biz qattiq ishlaymiz, har kuni.

Har birimizning ishimiz ortgan. Tartibda ham o'zgarishlar qildik. Oyma-oy talabga qarab, har kungi suhbatlar soni belgilanadi va biz imkon qadar ochiq turishga harakat qilamiz.

Bu yil no-immigratsion vizalar uchun rekord davr bo'lsa, ajabmas. 30 foizga oshishini taxmin qilayapmiz. Uchrashuv vaqti olish qiyin, bilamiz. Mavsumga bog'liq. Biz imkoniyatlarni kengaytirish harakatidamiz. Viza berayapmiz, ochiqmiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mavsumiy qiyinchilik, dedingiz, masalan?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Shunday, masalan, yozda talaba vizasi uchun talab oshadi va ularni vaqtida ko'rib chiqishimiz kerak. Tezlikda berilishi kerak. Murakkab jarayon. Hozir viza so'rab kelayotganlarning 20 foizga yaqini yoshlar va talabalik uchun murojaat qilishadi. Biz bu yilning sakkiz oyida o'tgan yilgi sondagi vizani berib bo'ldik. Yana to'rt oy bor, demak, student vizasini ham rekord sonda chiqaramiz bu safar.

AQShning Toshkentdagi Bosh konsuli Rob Romanovski "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, O'zbekiston
AQShning Toshkentdagi Bosh konsuli Rob Romanovski "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, O'zbekiston

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Talabalik vizalari uchun kelayotganlar ko'pligi AQShda o'qishga ketayotganlar oshayotganidan darak. Hukumat orqali alohida kelishadi; mustaqil bo'lsa, alohida, shundaymi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Shunday. O'zbekiston hukumati homiyligida ketayotganlar ham bor, o'zlari alohida borayotganlar ham bor. AQSh granti bilan bo'lsa, ular bilan alohida ishlaymiz. Talabgorlar oshgani, to'g'ri, o'qishga ketayotganlar ko'payganidan dalolat. Umuman olganda, har yo'nalishda oshgan: immigratsiya, sayohat, professional safar va boshqa.

Xodimlarimiz, qayd etganimdek, ko'paymagan, ammo biz bugun ko'proq viza berayapmiz. Haftasiga besh kun ochiqmiz. Ayrim kunlari no-immigratsion, ayrim kunlari immigratsion vizalar uchun suhbatlar. Bekorchi vaqt yo'q, ishoning menga.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bizga ishingiz xususida tinimsiz arzlar tushadi. Eng ko'p shikoyat siz bilan suhbat vaqti olish qiyinligi haqida. Intervyu uchun oylab kutish kerak. Odamlar buning sabablari nimada ekanini bilmaydi. Nimada? Ularga nima deysiz? Bu muammoni qanday tushuntirasiz?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Uchrashuv belgilaydigan sistemamizni yangiladik. Oldinlari bo'sh vaqtlar oldindan ko'rinar edi va ularni yoppasiga egallab olishar edi, xususan turistik firmalar va vositachilar. Hozirda biz joy ochilishi bilan hammaga e'lon qilib, individual suhbat vaqti olish uchun ko'proq imkon berayapmiz. Har seshanba va payshanba yangi joylar ochamiz. Har kim o'sha paytda kirib, onlayn vaqt olishga harakat qilsa bo'ladi. Olgingidek, joylar o'z-o'zidan to'lib qolmaydi. Talab yuqori ekani sabab tizim sekinlashishi tabiiy.

Toshkent vaqti bilan 16:00 da ochilamiz. Bu ham O'zbekiston, ham Amerika uchun qulay vaqt. Bilingki, biz tizimni yaxshilash, osonroq qilish ustida ishlayapmiz. Nuqsonlarini bilamiz va tuzatish harakatidamiz.

Suhbat vaqtini olib, kelmaydiganlar bor. Bu joylarni agentlar olgan, bilamiz, va ayrim hollarda isrof bo'ladi. Ular bu joylarni sotishadi. Oldindan egallab qo'yishgan vaqt uchun mijoz topa olmay, bekor ketkazadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz bu firmalar bilan qanday munosabatdasiz? Masalalarni muhokama qila oladigan darajada aloqa bormi? Ular sizga kelishadimi, masalan? Chunki bu bizneslarning ravnaqi sizga bog'liq.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Gaplashgan vaqtlarimiz bo'lgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ular xursand. Talab yuqori ekan, ularning ishi yomon emas.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Shunday. Ularning roli bor, tushunamiz. Ular odamlarga yordamlashadi, jarayonda ko'maklashadi. Xizmatini yaxshi qilayotgan firmalar bor. Odamlarni o'marishmasa, haddan ziyod haq so'ramasa, aslida tekin narsa uchun odamlarni qiynamasa, biz rozi. Biz bilan suhbat bepul bo'la turib, uni odamlarga 700 dollardan pullagan firmalar va agentlar bor.

Viza uchrashuviga vaqt olish uchun hech qanday to'lov yo'q. Vositachi firmalarda mutaxassilar bor, qolaversa bizning e'lonlarimizni tarqatishadi, jarayonni tushuntirishadi. Bu muhim. Biroq biz suhbatlar sotilishi haqida ham bilamiz va bundan bezovtamiz. Tasavvur qilib bo'lmaydigan darajada qimmat. Soxtakorlik qilayotgan vositachilar bor. Soxta hujjatlashtirish ishlari bor. Soxta diplomlar, soxta nikoh qog'ozlari, hukumat nomidan berilgan qalbaki dokumentlarni aniqlaymiz. QR kodlari bor hatto, bossangiz, sizni soxta saytga olib boradi. Firibgarlik hollari uchraydi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bularni tegishli organlarga uzatasizmi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Ha, uzatamiz. Odamlar g'azablanadi, o'zlari ham soxtakorlik haqida bilmay qoladi. Bu ishlar bizning bebaho vaqtimizni oladi. Bu paytda biz samimiy talabgorlar bilan ishlashimiz mumkin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilasizmi, ko'plab o'zbekistonliklar nazarida siz boshqa davlatlardagi AQSh konsulliklari kabi ishlamaymiz. Toshkent sekin va keskin, deb baholashadi. Ular fikricha, siz o'zbekistonliklarga avtomat raddiya berasiz. Bizni nega jazolashyapti, deb so'rashadi hatto.

Kam viza, kam suhbat... degan nolalarni eshitamiz. Qo'shni davlatlarda vaziyat yaxshiroq, deyishadi. Malayziyadagi konsullikdan osonroq oldim, degan bir o'zbekistonlik faol bilan gaplashdim yaqinda. Olti oy kutish shart emas ekan, dedi. Hozirda bu yurt ahli boshqa o'lkalardagi konsulliklardan najot izlashga o'tgan. Bu qanchalik to'g'ri? Bu borada ishonchli ma'lumot manbalari bormi? Odamlarni adashtiradigan narsa ko'p, shuningdek, agentlar va maslahatchilar.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Saytimizga kirishlari kerak, hamma ishonchli info o'sha yerda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Toshkentda rad etilgan odam boshqa yurtdagi konsulligingizga borib, yana so'rashi mumkinmi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Topshirishingiz mumkin, ammo bu viza olasiz, degani emas. Kutish vaqti ham o'sha mamlakatdagi talabga qarab, boshqacha bo'lishi mumkin. Qanday turdagi viza so'rayotganingiz ham muhim. Bir konsulligimizdan viza ololmagan odam boshqa konsulligimizda darrov olgan hollarni ko'rmaymiz.

Maniladan student vizasi rad etilib, bizga kelganlar bor, masalan. Ularni vositachilar adashtirishadi. Biz qattiq turamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz ham shuni kuzatamiz. Odamlar maslahat so'rashadi, ammo allaqachon o'zlari eshitishni xohlagan maslahatlarni olib bo'lishgan va qaror qilishgan. Gap qayerda vizaga topshirilganida emas, nima sabab viza berilmaganida, deymiz. Tizim bir, sizning viza tarixingizni AQSh biladi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Shunday. Qanday viza so'rayapsiz va nima sabab? Masala shunda. Masalan, O'zbekistonda viza ololmagan o'zbekistonlik boshqa mamlakatdan ola bilishi amri mahol. Biroq sizda yangi ma'lumot va asos bo'lsa, viza uchun boshqa davlatdan murojaat qilishingiz osonroq bo'lsa, marhamat, topshiring. Qarorni konsul qiladi. Biz Toshkentda boshqa yurtlarning fuqarolari bilan suhbatlar qilamiz, bu tabiiy, masalan, rossiyaliklar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ko'pmi rossiyaliklar?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Ha, turli sabablar bilan kelishadi. Ularga hozir o'z vatanidan turib bunday xizmatlardan foydalanish qiyin. Toshkentga kelish osonroq.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Grin karta lotereyasi yutganlar bilan ishlayotganingiz aniq. Hammasi joyidami?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Joyida. Suhbatlar belgilanib, jarayon avjida. Sentabr oxirigacha bitirishimiz kerak. 25 foiz ko'proq muojaatchi bilan ishlayapmiz. Ya'ni, bu borada ham rekord.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Avvalo ularning ishini bitirishmi maqsad ayni paytda?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Shunga harakat qilamiz. Hujjatlar tekshiriladi, yetishmagani so'raladi. Oxirgi momentgacha maksimum harakat qilamiz, toki odamlar munosib vizalarini olsin. Munosib topilmaganlarga esa sabablarini bayon qilamiz, toki ular ham bilsin nega bu imkoniyat ularga buyurmadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": 2020 va 2021-yillarda lotereya yutib ololmaganlarning ishi nima bo'ldi? O'tdimi vaqt?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: O'tdi va u daftarlar yopildi. Shikoyatlar yuzasidan sudlar bo'ldi, muayyan qarorlar chiqdi, yana savolga tutildi, biroq bizga yangi ko'rsatmalar berilmadi, ya'ni sistematik o'zgarishlar bo'lmadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'sha paytda yutganlar va ololmaganlar hamon norozi. Ular AQSh tizimini qoralashadi, adolatsiz, deya nolishadi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Bilamiz, tushunamiz, ammo bizga ularning ishlari yuzasidan biror yangi ko'rsatma berilmagan, aks holda shug'ullanardik. Biz har yilgi yutuqlar bilan ishlaymiz, u davrdagilarning muddati bitgan.

Bir narsaga alohida urg'u bermoqchiman: Grin-karta lotereyasi bilan bog'liq jarayonlar tekin. Birovlarga pul to'lab yurmang.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shunga qaramasdan, yutsak-da bizni jazolashdi, deyishadi. Donald Tramp prezidentligi paytida bu lotereya yutganlarni qabul qilish jarayoni muzlatilgani ko'plab insonlarning orzu-havaslarini yo'qqa chiqardi. Ular Amerikani bu odamlarning hayoti bilan o'ynashganlikda ayblashadi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Eslatib o'taman, grin karta lotereyasi yo'riqnomasida aytilganidek, yutish immigratsiya qilish degani emas. Siz immigratsion viza uchun topshira olasiz, lekin uni olish kafolatlanmagan. Yutganlar soni olganlar sonidan ko'p, chunki hammasi ololmaydi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz yutganlar uchun axborot sessiyalari takif qilasiz, shundaymi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Ha, o'tkazamiz, ammo odamlar baribir qoidalar, shartlar va boshqa ma'lumotlar bilan tanishib olishlari kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Amerikaga oldin biror vizada borib, vaqtida qaytmay, qoidalarni buzgan odam grin karta lotereyasi yutib, murojaat qilsa, unga o'tish qiyin bo'ladimi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Har doim ham emas, qanchalik va nega buzilgani bilan bog'liq. Viza turi, uning shartlari ko'rib chiqiladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Migrant ishchilar agar yutsa, masalan, Rossiyadan turib, muammo bo'lmaydimi? Ular viza olishi aniqlashmaguncha vatanga qaytishni ma'qul ko'rmasligi mumkin. Faqat suhbatga kelib ketadi, chunki tirikchiligi chet elda.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Umuman olganda, ta'sir qilmaydi, agar doimiy yashash joyi O'zbekiston bo'lsa. Biz qaysi ishni qachon ko'rib chiqishimiz Kentukki shtatidagi idoramiz iznida. Yutganlarning ilk hujjatlari o'sha yerda elakdan o'tkaziladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Raqamlar qanchalik muhim? Shaxslarga berilgan nomerlarga qarab, navbat kutish to’g’rimi? Odamlar bir-birini kuzatadi va nomeriga qarab, meni ham endi chaqirishi kerak deb o’ylaydi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Bu borada biror sir-asror yo’q. Nomerlar muhim, ammo navbatingiz ularga bog’liq emas. Kentukkidagi idora sizni qachon ma’qullasa, shunda sizga xabar beriladi va jarayon oldinga siljiydi.

Biz nomerlardan qismma-qism qarashda foydalanamiz, ammo bunda ham keyslar raqamma-raqam ko’rilmasligi mumkin.

Yutganingiz aniqlangach, tegishli anketani qanchalik tez to’ldirib, yuborsangiz, ishingiz shunchalik tez kechishi mumkin. Navbatingiz, qayd etaman, nomeringizga bog’liq emas.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz Kentukkidagi idora yuborgan har bir keysni ko’rib chiqishingiz shart, shundaymi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Majbur emasmiz, ammo ko’rib chiqishga odatlanganmiz. 200 odamning hujjati tayyor bo’lsa, masalan, biz ular bilan ishlaymiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Odamlar sizning bu paytda faqat grin-karta yutganlar bilan ishlashingizni xohlaydi. Konsullik boshqa vizalarni chetga surishi kerak, deyishadi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Har qanday viza uchun topshirganlar shunday deydi va shuni xohlaydi. Ammo biz bularning barchasini eplashimiz kerak va shunga harakat qilamiz. Qayd etaman, grin-karta lotereyasi yutish immigratsion viza uchun topshira olasiz demakdir, uni olasiz degan kafolat emas. Biz bu yil uchun, ya’ni bu va kelasi oy uchun suhbatlarni allaqachon belgilab qo’yganmiz. Agar kimdir shu paytgacha bizdan bu borada xat olmagan bo’lsa, demak, chaqirilmaydi va viza unga buyurmaydi. Ya’ni bori shu. O’tgan yilgidan 25 foiz ko’proq odam o’tayapti.

O’zbekiston - grin karta lotereyasi eng ko’p o’ynaladigan va yutiladigan davlat. Bu yil uchun 5500 ga yaqin odam yutgan. Yutganlarning mingtachasi odatda ilinmaydi.

Dunyo bo’ylab 55 ming odam immigratsion vizani lotereya orqali olsa, har bir davlatdan maksimum shuning 7 foizi bo’ladi, O’zbekistondan ham. Yutganlarning oila a’zolari ham qo’shib hisoblanadi, ular alohida emas.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yutganlarga va o’ynamoqchi bo’lganlarga yana qanday maslahatlaringiz bor?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Hujjatlarni to’ldirishda ehtiyotkor bo’ling, o’zingiz tepasida turing. Biror tomonning xizmatiga tayansangiz, faktlar to’g’ri yozilishini ta’minlang.

Oddiy xatolar deb anketa bekor bo’ladi. Tarjimai hol bilan bog’liq har bir detal to’g’ri ketishi shart. Biz ham sizning hujjatlaringiz yo’qqa chiqishini xohlamaymiz. Lekin qoidalar keskin va rioya qilishimiz shart.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nikohi bekor qilinmasa-da, ajrashganman, deb belgilaydiganlar ko’p. Oilasi bilan yashamayotganlar ajrashganman, desa o’tadimi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Yo’q, nikoh bekor qilinmagan bo’lsa, oilangiz bilan yashamayotgan bo’lsangiz ham oilali hisoblanasiz. Bolalar hali ham sizniki, ularni anketaga yozishingiz kerak. Ularni o’zingiz bilan olib ketmassiz, ammo oilangiz haqida to’liq ma’lumot berilishi shart. Odatda otalar o’zlari borib, joylashib, keyin oilani chaqiradi. Balog’atga yetmaganlar yozilmasa, hujjat qabul qilinmaydi. Yutgan paytingizda rasman ajrashgan bo’lsangiz, isboti so’raladi, ammo har bir bosqichda sizdan rost ma’lumot kutiladi.

Jarayon u qadar murakkab emas aslida. Odamlar o’ylaganchalik qimmat ham emas. To’g’ri, bir necha yuz dollarlik to’lovlar bor, ammo vositachilarga to’lamasdan, ishni o’zingiz ham qilsangiz bo’ladi. Soxtakorlar tutiladi. Muammolar sabab protsess sekinlashadi. Odamlar haqiqatni yashirmay, borini bersa, ish tezlashadi, aks holda murojaatchi yutqazadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Meksika orqali Amerikaga ketish tobora keng tus olmoqda. Nima uchun odamlar bu yo’lni tanlamoqda, sizningcha? Ular AQSh ochilishiga ishonadi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Birinchidan, ularni bu oson kechadi, muayyan pul evaziga Amerikaga kirib olasan, deb ishontirayotgan kuchlar bor. Ular bundan manfaatdor. Bunday noqonuniy yo’llarni targ’ib qiluvchilar ko’p, chunki bu ular uchun biznes. 20-30 ming dollar so’rashadi, olishadi.

Bu egri tanlov va fojiali. Oilalar barbod bo’ladi, odamlar qarzga botib, qulga aylanadi. Siz kabi jurnalistlar masalani muntazam yoritayotgani foydali, odamlar haqiqatga tik ko’z bilan qarashi kerak. Tavakkal qilish bunday ishda aksariyat hollarda yaxshilikka yetaklamaydi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Odamlar Amerika chegarasiga yetib olsam, ichkaridagi tanishim kelib, meni olib ketadi, deb umid qiladi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Lekin bu qonunga zid harakat va odatda unday bo’lmaydi. Omadga ishonib, hayotingiz bilan o’ynashasiz. Kimga boshpana berilib-berilmasligi mening ishim emas, ammo uni olish odamlar o’ylaganidek oson emas.

Mening tahlilim: bu insonlarning ko’pchiligi iqtisodiy migrantlar. Tirikchilik uchun shu yo’lni tanlashadi. O’zbekistonliklar ularning bir qismi xolos. Turli davlatlardan kelishadi. Mamlakatma-mamlakat viza olib kelayotganlarni AQSh hozirda kuzatadi va aniqlab, boshqa davlatlar bilan hamkorlikda chora ko’ra boshlagan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yo’l-yo’lakay g’oyib bo’lganlar, qiyin ahvolda qolganlar bilan siz ham shug’ullanasizmi, xabar berilsa?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Yo’q, chunki bizning ishimiz emas. Bu odamlarga o’sha davlatlardagi konsulliklari qaraydi. Masalan, Meksikada bo’lsa, O’zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari shug’ullanadi. Bizning ishimiz bu yerdagi amerikaliklarning mushkulini oson qilish, ularga xizmat ko’rsatish. Avvalo, bu yo’l bilan Amerikaga borishga harakat qilmang. Yordamni biz emas, sizning konsulligingiz berishi kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O’zbekistonda xususiy sektor vakillari orasida ham AQShga viza so’rayotganlar ko’p. Askariyat hollarda olisholmaydi. Nega? Ular hukumat orqali emas, o’zlari borishni xohlaydi, mablag’ ham o’zlaridan.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Shunday, ko’plab murojaatlar tushadi. Bir har birini izchil ko’rib chiqamiz. Asos yetishmasa, viza bermaymiz. Olayotganlar ham bor, ammo ololmayotganlar bilsinki, biz ularga ishonmaganmiz yoki bizga yetarlicha ma’lumot berilmagan. Kelasi hafta 20 ishbilarmon uchun viza bering, deb so’rashsa, bu qiyin, chunki o’rganishimiz kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biznes ahli Amerikani ko’rishni, investorlar va sheriklar topishni, AQSh xususiy sektori bilan aloqa o’rnatishni istaydi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Tushunamiz, lekin bizga aniq informatsiya va asos zarur. Siz biror hamkorsiz Amerikaga kelib, sherik topib ketishingiz qiyin. Tadbirlar ham sizga o’xshaganlar uchun bo’lmasligi mumkin. Biz siz boraman degan forum yoki boshqa yig’inni ko’rib chiqamiz. Ingliz tilini bilmasangiz, biror taraf bilan oldindan rishta o’rnatilmagan bo’lsa, biznes safar uchun yetarli asos yo’q. Turist sifatida boraman desangiz ham sizga ishona olishimiz kerak. Asosim bor desangiz, vizaga topshiring, biz ko’rib chiqamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sportchilar uchun ham shunday talablarmi? Ular ham bora olmayotganidan noliydi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: O’zbekiston hukumati katta sport o’yinlarida qatnashayotganlar uchun homiy va kafil. Bunda muammo yo’q. Bizga sportchilarning kimligi va nima uchun ketayotgani tushuntirilishi kerak, masalan, futbolchilarning.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biroq kurash va boshqa sport turlari bo’yicha klublar va uyushmalarning a’zolari bormoqchi bo’lsa-chi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Har qanday sport yo’nalishi bo’yicha Amerikaga borish istagida viza so’raydiganlar bor. Biz jiddiy ko’rib chiqamiz. Karate, dzyudo, degandek. Asos yetarli bo’lsa, viza oladi. Ishonch manbai kuchli bo’lishi kerak, moliyaviy omillar ham muhim. Vatanga qaytishiga ishontira olishi kerak bizni, chunki qaytmayotganlar ko’p. Sportchiman deb musobaqaga bormoqchimi yo bizni aldab, trak haydashga? Biz shuni aniqlashtiramiz.

Komandalar oldin chetga chiqqanmi, deb izlanamiz. Nega aynan shu musobaqaga bormoqchisiz, deb so’raymiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Viza rad etilsa, sabablarini qanchalik tushuntirasiz? Odatda odamlar sizni tushuntirmaganlikda ayblaydi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Har bir raddiya haqida standart xatimiz bor, unda bayon etiladi. Tushunamiz, odamlarga bu yetmas, lekin biz sabablarni va omillarni saytimizda ham bafurja izohlab beramiz. O’qishlarini maslahat beraman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Tobora ko’proq o’zbekistonliklar Amerikaga intilmoqda – professionallar, tabdirkorlar, faollar, hatto rasmiylar. Bu siz uchun nimani anglatadi? Mustaqil ravishda viza uchun kelishsa, chetga surish adolatdanmi?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Biz hech kimni chetga surmaymiz. Murojaatlarini ko’rib chiqamiz. Uchrashuv olish qiyin, hamma uchun, ammo viza so’rashsa, biz ham ularning asosli va ma’suliyat bilan borib kelishi tarafdorimiz.

Har bir viza turining o’z talablari bor. Javob bera olsangiz, uni olasiz. Biz ikki xalq bir-birini yaqindan tanisin, aloqa qilsin, deymiz.

Konsul sifatida o’zim nima uchun shuncha odam hatto Meksika orqali tahlika bilan yuzlashib, Amerika eshigini qoqishini tushunishga harakat qilaman.

Davlatimiz bu insonlar uchun umid manbai, yangi hayot o’chog’i. Amerika orzusi barhayot. Immigratsiya Amerikaning kuchiga kuch qo’shadi. Jamiyatimizni doimiy yangilab turadi, uni ruhlantirib turadi.

Amerika, shubhasiz, unikal diyor. Bizga odamlarning qayerdan kelayotgani emas, qayerga kelayotgani, ular jamiyatimiz ravnaqi uchun qanday hissa qo’shishi muhim. Biz viza berishda shularga e’tibor qaratamiz, albatta.

Amerikaga qonuniy tarzda boring, deymiz. Immigratsion tizimimiz bag’rikenglikka asoslangan. Yashash, ishlash yoki o’qish bo'ladimi – o’zbekistonliklar uchun ham doimo ochiqmiz va buning uchun imkoniyatlar mavjud. Faqat harakat qilish, to’g’ri yo’ldan borish kerak xolos.

Oilangizni xavfli yo’llardan olib yurmang, xalqaro chegaralarni buzish bilan ezgu maqsadlarga yeta olmaysiz. Asosli ravishda kelish yo’llari ustida bosh qotiring. Biz yil sayin ko’proq o’zbekistonlikka viza berayapmiz, bu yurt ahli uchun ochiqmiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yoshlar uchun yozda Amerikaga sayohat qilib, ishlash dasturi qanday kechayapti?

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: O’tgan yili uni kengaytirgan edik. Qariyb 2000 suhbat o’tkazdik. Hammasi ham samarali o'tmadi, ammo katta sonda talabalarga sayohat va ishlash uchun viza berdik. Afsuski, ko’plar qolib ketdi. Tartibni buzishdi va qaytishmadi. Bu yil ham viza berdik, ammo o’tgan yilgi kabi yuqori sonda emas. Qatnashchilardan viza qoidalariga bosh egishni kutamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bizdan u dastur haqida so’raganlarga O’zbekistondagi o’qishni tugatib olish uchun ham qayting, deb maslahat beramiz. Qayting va keyin magistraturaga boring, deymiz. Ammo ko’plar Amerikadagi 12 millionga yaqin hujjatsiz muhojirlar safiga qo’shilishni ma’qul topadi.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Sabablari oydek ravshan. Yoshlarni vatanda ushlab turadigan sabablar oz. Amerika ularni o’ziga tortadi. Biroq Amerika orzusi tomon qadamni hujjatsiz boshlash yaramaydi. Bu aslida o'zingizga to’siq qo'yish, demakdir. Oilangizni ko’rishga qiynalasiz. Cheklovlar ichidasiz. Viza tartibini buzgan holda Amerikada yangi hayot boshlash yaramaydi. Qiynalasiz. Buni hech kimga ravo ko’rmayman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Suhbatimizni uzoq davom ettirishimiz mumkin. Sizga vaqtingiz va bu muhokama uchun katta rahmat.

AQSh Bosh konsuli Rob Romanovski: Sizga rahmat, Navbahor. Mamnun bo’ldim.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG