Breaking News

Yevropa Rossiya axborot xurujiga qarshi kurashmoqda, Markaziy Osiyoda vaziyat qanday?


Frankfurt, Germaniya
Frankfurt, Germaniya

Markaziy Osiyoda Britaniya harbiy kompaniyasi ayg’oqchilari aylanib yuribdi, deb xabar beradi Rossiya matbuotiga asoslanib “Vesti.uz” nashri.

Manzil umumlashtirilgan bu xabarda mintaqaning biror bir aniq davlati ko’rsatilmagan, ammo auditoriyasi ma’lum, manbasi va maqsadi esa tahlilga muhtoj.

Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashish bo’yicha Yevropa Ittifoqi tashkil etayotgan maxsus markaz aynan shu kabi shubhali xabarlarning kelib chiqishi va maqsadlari bilan shug’ullanishi ta’kidlanmoqda.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar tizimi rahbari Jozep Borrelga ko’ra, tashkil etilayotgan markaz nafaqat Rossiya, shuningdek Xitoy tomonidan ham tarqatilayotgan dezinformatsiya, yolg’on xabarlar, matbuotdagi soxta manbalarga qarshi kurashadi.

Borrelga ko’ra, Rossiya tomonidan yaratilayotgan soxta xabarlarning kelib chiqishi, tashviqot kampaniyasi kimni mo’ljalga olayotganini aniqlash, tahlil qilish juda muhim.

Markaziy Osiyodagi vaziyat bilan solishtirganda Yevropa Ittifoqi Rossiya OAV ta’sir doirasidan ancha uzoqda. Yevropa ahli uchun Rossiya matbuoti asosiy manba emas va rus tili ham asosiy axborot tili emas.

Xo'sh, informatsion makon hamon rus tilida qolayotgan Markaziy Osiyodagi vaziyat qanday?

Rossiya mediasi mintaqa axborot maydonida nafaqat yaqqol ustunlikka ega, balki xolislikka intilayotgan nashrlarni turli yo’llar bilan bosimda ushlashga ham harakat kuchli.

Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushi ortidan bu yanayam sezildi. O’zbekistondagi ayrim nashrlarga bilvosita, Qozog’iston matbuotiga esa bevosita bosim ko’rsatildi. Urushga doir maqolalarni olib tashlash talab qilindi.

Urush Rossiya matbuoti, jumladan axborot xurujini keskinlashtirdi.

O’zbekistondagi Vesti.uz nashri Britaniya ayg’oqchilari mintaqani yurishganini ta’kidlar ekan, AQSh va Britaniya “Shimoliy Afg’onistonni qo’zg’atib, Markaziy Osiyoda yangi urush o’chog’ini yaratish maqsadida” ekanligini iddao qiladi.

Ukraina urushi Markaziy Osiyoda Rossiya axborot bosimini yanada kuchaytirdi, ammo avtoritar boshqaruv hukmron mintaqa davlatlari, nafaqat muvofiqlashgan, balki alohida ham bu bosimga qarshi turish irodasida emas.

Mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurodga ko’ra, Yevropa Ittifoqi misolida Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi tuzilayotgan markaz kabi tuzilmani Markaziy Osiyoda ham shakllantirishdan natija bo’lmaydi.

“Markaziy Osiyo davlatlarini hammasida avtoritar boshqaruv hukmron. Matbuot bilan bog’liq har qanday markaz, uyushma shaksiz avvalo rejimlarga xizmat qiladi. Rossiya axborot xurujiga qarshi o’zaro biror markaz tuzildi deb hisoblaganda ham, bu organ matbuot ustidan qo’shimcha nazorat, senzura vazifasini o’taydi. So’z erkinligi ta’minlangan Yevroda davlatlarida bunday markazni xolis ishlashini tasavvur qilish mumkindir, lekin shundoq matbuot tazyiq ostida bo’lgan Markaziy Osiyoda emas”.

Yusuf Ro’zimurod deydiki, O’zbekistonda ham so’z erkinligining ta’minlanishi, mustaqil jurnalistika rivojlanishi matbuotni, axborot maydonini Rossiya ta’siridan xalos qilishi mumkin.

“Ammo afsuski, so’nggi vaziyat, xususan O’zbekistondagi voqealar jurnalistlarga nisbatan taqib, tazyiqlar kuchayganini, turli sabablar, uydirmalar bilan hibsga tashlanayotgan jurnalistlar soni keskin ortganini ko’rsatmoqda. Bunday tazyiqlar axborot maydonini himoyalashga, jurnalistika shakllanishiga xizmat qilmaydi. Bu bo’shliqni esa Rossiya OAV egallaganiga ajablanmaslik kerak. Xullas, Markaziy Osiyo davlatlarida so’z erkinligi ta’minlamas ekan, axborot xavfsizligiga erishish imkonsiz bo’lib qolaveradi”, - deydi mustaqil jurnalist.

Avvalroq O’zbekiston Davlat Xavfsizlik Xizmati Human.uz nashri direktori Xurshid Daliyev doxil bir guruh jurnalistlarni hibsga olgan edi.

Keyinchalik ularning aksariyati qo’yib yuborildi, ammo Daliyevning o'zi hamon qamoqda va tergov ostida.

DXX uni uyushgan tarzda tovlamachilik qilishda ayblamoqda. Faollar va mustaqil jurnalistlar esa O’zbekistonda tazyiqlarning yangi to’lqini boshlangan, deya xavotirda.

Shu kunlarda bloger Abdumo'min Qodirov ham tergov ostida, hibsga olingan. Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, u odamlardan tanqid qilmaslik uchun pora talab qilgan, shuningdek, boshqa "tovlamachilik" harakatlarida ham gumon qilinmoqda.

Daliyev advokatga ega ekani ma'lum, Qodirovning huquqlarini kim himoya qilmoqda, mavhum.

Daliyevning Human.uz axborot portali faoliyatini davom ettirmoqda. Masala bilan tanish faollarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, hibsdagi jurnalistning ishi sayt bilan bog'liq emas.

Qodirov Internetda "Ko'zgu" platformasi orqali ijtimoiy-siyosiy masalalarni muhokama qilib tanilgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlar O'zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog'liq ahvol og'irlashganini kuzatadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG